AsosiyDunyo

Isroil BMTning gumanitar yordamini G‘azoga yetkazish uchun yo‘laklar ochishga va’da bermoqda

Parashyutlar orqali yordam tashlash allaqachon boshlangan.

'Isroil BMTning gumanitar yordamini G‘azoga yetkazish uchun yo‘laklar ochishga va’da bermoqda'ning rasmi

Isroil BMTning G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazib berish uchun yo‘laklar ochishini e’lon qildi va allaqachon konteynerlarni parashyutdan tashlashni boshladi. Bu haqda Reuter xabar berdi. 

Isroil mudofaa armiyasi xabarida aytilishicha, siyosiy rahbariyat ko‘rsatmalariga muvofiq va "G‘azo sektorida qasddan ocharchilik haqidagi yolg‘on da’volarni rad etish maqsadida" oziq-ovqat va dori-darmonlarni yetkazib berish uchun BMT karvonlarining xavfsiz harakatlanishi uchun gumanitar yo‘laklar yaratiladi.

Ko‘p o‘tmay parashyutda yordam tashlash qayta boshlandi, deb xabar berdi Reuters agentligiga SAHAL vakili. Bu haqda armiya bayonotida e’lon qilingan, xususan, "xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan un, shakar va konservalar solingan yettita konteyner" tashlanishi aytilgan. Reuters’ning Falastindagi manbalari ham G‘azo shimolida yuk ortilgan parashyutlar ko‘zga tashlanganini tasdiqladi.

Gumanitar tashkilotlar esa parashyutdan tashlash yordam yetkazishning o‘ta samarasiz usuli ekanini ta’kidlaydi.

Shu haftada 100 dan ortiq tashkilot G‘azoda ocharchilik avj olayotganidan ogohlantirgandi. Isroil armiyasi o‘z bayonotida buni rad etgan va bunday bayonotlarni "Hamas tomonidan ilgari surilgan yolg‘on kampaniya" deb atagan.

"G‘azo aholisiga yordamni taqsimlash mas’uliyati BMT va xalqaro gumanitar tashkilotlar zimmasida. Shu sababli, ulardan yordamni taqsimlash samaradorligini oshirish va uning Hamas qo‘liga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha sa’y-harakatlar bajarilishi kutilmoqda", deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.

Shuningdek, bayonotda aytilishicha, "shu hududning 900 ming aholisiga xizmat ko‘rsatadigan" suvni chuchuklashtirish zavodiga elektr energiyasi yetkazib berish qayta tiklangan.

Isroil mart oyida G‘azoga barcha insonparvarlik yordamini to‘xtatdi, may oyida yordam yangi cheklovlar bilan qayta tiklandi: oziq-ovqat taqsimoti G‘azodagi Amerika-Isroil gumanitar jamg‘armasiga topshirildi. Ushbu jamg‘arma tomonidan tashkil etilgan yordam markazlari atrofida tez-tez yuz bergan hodisalar BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yuzlab falastinliklar o‘limiga sabab bo‘lgan. Guvohlar, jumladan, ushbu markazlarning sobiq qo‘riqchilari bu odamlarning aksariyatining o‘limida Isroil qo‘shinlarini aybladi.

Isroil esa tinch aholi duch kelayotgan muammolarga Hamasni aybdor qilib ko‘rsatmoqda.

Shanba kuni G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi to‘yib ovqatlanmaslik oqibatida yil boshidan buyon 127 kishi, jumladan, besh nafar bola vafot etganini ma’lum qildi.

    Boshqa yangiliklar