AsosiyJamiyat

Bolalar ombudsmani Angrenda zo‘rlangan qizni ko‘rishga bordi

Ombudsman avvalo Angren shahar Bolalar shifoxonasiga borib, u yerda davolanayotgan jabrlanuvchi S.Y.ning sog‘lig‘i holatini o‘rgandi.

'Bolalar ombudsmani Angrenda zo‘rlangan qizni ko‘rishga bordi'ning rasmi

Toshkent viloyatining Angren shahrida 15 yoshli voyaga yetmagan qizning zo‘rlangani holati yuzasidan Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova 24 iyul kuni jabrlanuvchi holatini o‘rganib chiqdi. Bu haqda Ombudsman axborot xizmati xabar berdi.

Rahmonova avvalo Angren shahar Bolalar shifoxonasiga borib, u yerda davolanayotgan jabrlanuvchi S.Y.ning sog‘lig‘i holatini o‘rgandi. Ombudsman qizning umumiy salomatligi, mavjud kasalliklari va ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy muolajalar bilan tanishgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, jabrlanuvchida bir nechta og‘ir kasalliklar — o‘tkir artrit, ikki tomonlama bronxopnevmoniya, oqsil-energetik yetishmovchilik, og‘ir darajadagi anemiya va sepsis — aniqlangan. Tibbiy hujjatlar asosida, bu kasalliklar zo‘rlash holati natijasida emas, balki surunkali shaklda ilgari mavjud bo‘lgan.

Bolalar ombudsmani jabrlanuvchi bilan individual suhbat o‘tkazgan. U qizning fikrini tinglab, holatga psixologik yondashuv bilan yondashish zarurligini ta’kidlagan.

2025 yil 9 may kuni holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Rasmiylarga ko‘ra, ayni paytda tergov ishlari davom etmoqda. Ombudsman tergov jarayonida voyaga yetmagan jabrlanuvchining ruhiy holatiga zarar yetkazilmasligini ta’minlash zarurligini urg‘ulagan. Shu bois, tergov harakatlarida malakali psixolog va pedagoglar ishtirokini kafolatlash taklif etilgan.

Vaziyatni o‘rganish davomida Rahmonova Ijtimoiy himoya milliy agentligining Angrendagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi vakillari bilan ham uchrashdi. Markaz mutasaddilarining ma’lum qilishicha, S.Y. va uning oilasiga muntazam ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatib kelinmoqda. Jabrlanuvchini reabilitatsiyalash va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks choralar ishlab chiqilgan.

Ma’lumot uchun, so‘nggi oylarda O‘zbekiston fuqarolari orasida voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy tajovuz holatlari bo‘yicha xabarlar ko‘paymoqda. Eslatib o‘tamiz, yaqinda Turkiyada o‘gay otasi tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragan o‘zbekistonlik qiz ham mamlakatga qaytarilgandi.

    Boshqa yangiliklar