AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp o‘zidan avvalgi davlat rahbari Barak Obamani davlatga xiyonat qilganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Obama va uning yaqin hamkorlari 2020-yilgi prezident saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinishgan.
"Bu xiyonat edi. Ular saylovlarni o‘g‘irlashga harakat qilishdi. Ular saylov jarayonini adashtirishga harakat qilishdi. Ular shunday ishlar qildi-ki, buni hatto boshqa davlatlarda ham tasavvur qilish qiyin", — deydi Tramp Germaniyaning DW nashriga bergan intervyusida. U Obamani "bosh jinoyatchi" deb atadi.
Tramp o‘z ayblovlarini Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard tayyorlagan hisobotga asosladi. Hisobotda aytilishicha, Obama ma’muriyati Rossiya tomonidan 2016 yilgi saylovlarga ta’sir qilishga oid ma’lumotlarni "soxtalashtirgan va siyosiylashtirgan".
"Rossiyada AQSH saylovlarini buzish niyati ham, imkoniyati ham bo‘lmagan", — deyiladi Gabbard xulosasida.
Biroq CNN telekanali ta’kidlashicha, Gabbard hisoboti avvalgi tekshiruvlar natijalarini inkor etmaydi. Ularga ko‘ra, Rossiya haqiqatdan ham Xillari Klintonni obro‘sizlantirish va saylovchilarga ta’sir o‘tkazish uchun axborot kampaniyalari, kiberhujumlar kabi usullardan foydalangan. Ammo Rossiya saylov infratuzilmasini yoki ovoz berish natijalarini bevosita o‘zgartirishga harakat qilmagan.
Barak Obama matbuot kotibi Patrik Rodenbush esa Trampning bayonotiga javoban shunday dedi:
"Prezidentlik lavozimiga hurmat sifatida biz odatda bunaqa muttasil ahmoqona va yolg‘on gap-so‘zlarga javob bermaymiz. Ammo bu safargi da’volar shunchalik haqoratli va beasoski, javobsiz qoldirib bo‘lmaydi".
Uning ta’kidlashicha, "bunday kulgili ayblovlar hech qanday asosga ega emas va Gabbard hisobotida ham Rossiyaning 2016 yilda ta’sir o‘tkazishga harakat qilgani inkor etilmagan".