AsosiyJamiyat

Fuqarolarga uy qurib berishni va’da qilgan ta’sischi firibgarlik jinoyatida gumonlanib qo‘lga olindi

U alohida hisobvaraq ochmasdan, shartnomalar tuzgan.

'Fuqarolarga uy qurib berishni va’da qilgan ta’sischi firibgarlik jinoyatida gumonlanib qo‘lga olindi'ning rasmi

Fuqarolarga uy qurib berishni va’da qilib, juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan Strong Cities MCHJ ta’sischisi va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, fuqaro T.N. va boshqalar 2021 yilning 11 avgust kuni Strong Cities MCHJni tashkil etib, tegishli me’yoriy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan va hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan, bir nechta fuqarolarning ishonchiga kirib, Olmazor tumani Usta Olim ko‘chasidagi yer maydonida ko‘p qavatli uyni qurishni va ushbu uydagi xonadonlarni sotishni va’da qilgan.

T.N. qonunchilikda belgilangan talablarga zid ravishda xizmat ko‘rsatuvchi bankda alohida hisobvaraq ochmasdan, 2023-2024 yillar davomida shartnomalar tuzib, fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazgan tekshiruvda obyektda faqat yer uchun kadastr hujjatlari mavjudligi, qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish uchun esa zarur hujjatlar yo‘qligi aniqlangan.

Natijada belgilangan tartibda ogohlantirish xati yuborilib, qurilish va montaj ishlari to‘xtatilgan. Shuningdek, obyekt seysmik xavfsizlik talablariga javob bermagani bois quruvchi tashkilot tomonidan o‘z ixtiyori asosida obyektda demontaj ishlari amalga oshirilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda sodir etilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida fuqaro T.N.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar