Navoiy shahridagi 4-maktabning 2-sinf o‘quvchisi Muhammadali Yusupov ingliz tilidan B2 darajadagi milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qildi. Qayd etilishicha, Muhammadali 8 yoshda bo‘lib, shu tariqa u yosh toifasida mazkur sertifikatni qo‘lga kiritish bo‘yicha rekord qayd etdi.
Ma’lumot uchun, oliy ta’lim muassasalariga kirishda chet tilidan B2 sertifikatiga ega abiturientlarga maksimal ball beriladi.
Shuningdek, umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun ham kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikat talab etiladi. Ushbu talab 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan edi, biroq ayrim sabablar tufayli 2026–2027 o‘quv yili boshigacha uzaytirildi.






