Bugun, 14 iyul kuni barcha hududlarda 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari boshlanadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Test sinovlari har kuni ikki smenada:
1-smena – 08:00 dan 11:00 ga qadar;
2-smena – 15:00 dan 18:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi.
Bunda abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan hududga test sinovi boshlanishidan kamida 1 soat oldin pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi hamda:
1-smenada 07:30 ga qadar;
2-smenada 14:30 ga qadar tekshiruvlardan o‘tgan holda o‘z joyiga joylashgan bo‘lishi lozim.
Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikib kelgan abituriyentlar test sinoviga kiritilmaydi. Shu sababli test sinovlariga belgilangan vaqtdan kechikmagan holda pasport (ID-karta)ning asli va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishni unutmaslik so‘raladi.
Test sinovlari to‘liq videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda o‘tkaziladi va jarayonlarni “test2025.uz” sayti orqali onlayn kuzatib borish mumkin bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘yicha 65 ta yirik binoda, ikki smenada o‘tkaziladigan imtihonlarda har kuni 70 mingdan ortiq abituriyent ishtirok etishi rejalashtirilgan. Test sinovlari 14 iyuldan 23 iyulga (10 kun) qadar bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, avvalroq 2025-2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish yakuniga ko‘ra onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 732 411 nafarni tashkil etgani xabar qilingan.