Eron Atrof-muhit departamenti (DOE) Isroilni 12 kunlik urush davrida “ekologik urush jinoyatlarini sodir etganlikda” ayblamoqda. Bu haqda The Jerusalem Post yozmoqda.
Qayd etilishicha, neft omborlari, neftni qayta ishlash zavodlari va qo‘riqlanadigan hududlarga qilingan hujumlar inson salomatligi, bioxilma-xillik hamda mintaqaning ekologik muvozanatiga jiddiy zarar yetkazgan.
DOE 13 iyul kuni e’lon qilgan bayonotida Isroilning qazib olinadigan yonilg‘i omborlari va sanoat infratuzilmasini nishonga olishini qoralab, buni “tabiiy muhit va biologik xilma-xillikka halokatli hujum” deb atagan. Keng ko‘lamli hujumlar Eronning havo sifati, suv manbalari va tabiiy yashash muhitiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatgan.
12 kunlik urush davomida Tehron g‘arbi va janubidagi bir nechta neft omborlariga zarbalar berilgan. Oqibatda havoni zaharli tutun bilan to‘ldirgan ulkan yong‘inlar sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 364 ming gektardan ortiq qo‘riqlanadigan yerlar zarar ko‘rgan, 12 ta qo‘riqxona yonib ketgan.
“Sionistik rejim Tehron yaqinidagi ikkita neft zaxirasini nishonga olgan. Millionlab kilogramm yonilg‘ining yonishiga guvoh bo‘ldik. Bu esa havoga tonnalab issiqxona gazlari chiqishiga olib kelgan. 12 kun davomida poytaxtda bir kun ham toza havo bo‘lmadi”, deyiladi departament bayonotida.
Rey, Kangan va Busher hududlaridagi neft-kimyo obyektlariga ham zarar yetkazilgani haqida xabar berilgan. Atmosfera havosi monitorlari havodagi is gazi, qurum va boshqa zaharli moddalarning keskin ko‘payganini qayd etgan. Bu ekolog olimlar va sog‘liqni saqlash xodimlari orasida xavotir uyg‘otgan.
“Bu nafaqat sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat, balki ekologik falokatdir. Ushbu mas’uliyatsiz xatti-harakatlar havo sifati, suv resurslari va tabiiy muhitga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatgan”, — deya qo‘shimcha qilingan bayonotda.
Vazirlik BMTning atrof-muhit dasturi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi, shuningdek, boshqa mintaqaviy va global tashkilotlarni keyingi vayronagarchiliklarni to‘xtatish va ekologik ofatlarning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rishga chaqirgan.