AsosiyDunyo

Rossiya yana Odessaga yirik dron hujumini uyushtirdi

Hujum ortidan halok bo‘lganlar bor.

'Rossiya yana Odessaga yirik dron hujumini uyushtirdi'ning rasmi

Bugun, 3 iyul kuni tong saharda Rossiya armiyasi Ukrainaning janubida joylashgan Odessa shahriga dronlar yordamida navbatdagi yirik hujumni amalga oshirdi. Hujum oqibatida 4 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan, bir nechta kishi jarohat olgan. Bu haqda Ukraina Davlat Favqulodda vaziyatlar xizmati rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, dronlardan biri shahardagi 9 qavatli turarjoy binosiga urilgan. Natijada, 7-qavatdan 9-qavatgacha bo‘lgan xonadonlarda yong‘in yuzaga kelgan. Oqibatda 7 yoshli bola va 9 yoshli qiz turli darajadagi tan jarohatlarini olgan.

"Bolalar tutun bilan zaharlangan. Ular zudlik bilan shifoxonaga yetkazildi. Boshqa jabrlanganlarga ham zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. Hozirda ularning ahvoli barqaror", — deydi Odessa viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper.

Shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan hududdan 50 nafar fuqaro evakuatsiya qilingan. Mahalliy xizmatlar tomonidan yong‘in o‘chirilgan, qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya qo‘shinlari Ukraina shaharlari va u yerdagi fuqarolik infratuzilmalariga muntazam ravishda zarba bermoqda. Jumladan, joriy yilning 17 iyuniga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari Kiyev shahrining turli hududlarida joylashgan o‘nlab binolar, jumladan, turarjoylar, ta’lim muassasalari va muhim infratuzilmalarga hujum qilgandi.

Xususan, Solomenskiy tumanidagi to‘qqiz qavatli binoga raketa tegib, butun kirish qismi qulab tushgan edi. Qutqaruv ishlari vaqtida 21 kishining jasadi vayronalar ostidan topilgan. 18 iyun kuni esa Kiyevda motam kuni e’lon qilingan.

Oxirgi kunlarda kuchaygan hujumlar fonida, tahlilchilar Rossiyaning yozgi harbiy strategiyasi yana ham tajovuzkor tus olayotganini ta’kidlamoqda.

    Boshqa yangiliklar