O‘zbekiston Oliy sudining rasmiy bayonotiga ko‘ra, Yangiariq tuman sudining tergov sudyasi M.S. fuqaro O.R.ga jinoyat ishi bo‘yicha yordam berish evaziga ilgari olgan poraning bir qismini qaytarayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Qayd etilishicha, M.S. pora pullarini arizachining talabi bilan qaytarmoqchi bo‘lgan paytda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, daliliy ashyo bilan ushlangan.
Oliy sud bu holat bo‘yicha keskin munosabat bildirib, sud tizimida korrupsiyaga nisbatan murosasiz kurash davom etayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, tizimni “nopok kadrlar”dan tozalash uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotgani qayd etilgan.
Sud organi jamiyatda, xususan, sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolarni faol hamkorlikka chaqirdi.