AsosiyJamiyat

Sirdaryodan Toshkentga 361 kg eshak go‘shti olib kelayotgan shaxs to‘xtatib qolindi

Haydovchi go‘sht eshakniki ekanligini bilmasligini, faqat haydovchi ekanligini ma’lum qilgan.

'Sirdaryodan Toshkentga 361 kg eshak go‘shti olib kelayotgan shaxs to‘xtatib qolindi'ning rasmi

Sirdaryo viloyatida Lacetti haydovchisi 361 kilogramm eshak go‘shtini olib ketayotganda to‘xtatib qolindi. Bu haqda Milliy telekanalning “Millar” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 25 may kuni Qarshi-Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan Lacetti to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Mashinaning yukxonasidan go‘sht mahsulotlari topilgan.

Haydovchi so‘roq paytida go‘sht o‘ziga tegishli emasligini, uni faqat ko‘rsatilgan manzilga yetkazib berayotganini aytdi.

Sirdaryo viloyati IIB Jamoat xavfsizligi boshqarmasi karantin chora-tadbirlari guruhi xodimiga ko‘ra, avtomashinada noma’lum jonivorga tegishli bo‘lgan 361 kilogramm go‘sht bo‘lgan. Mahsulotlar Sirdaryo viloyati veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bosh boshqarmasi laboratoriyasiga o‘tkazilganda eshak go‘shti ekanligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Sirdaryo tumani IIB huzuridagi YHXB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar