AsosiyDunyo

Yana bir O‘zbekiston kompaniyasi YEI sanksiyasiga uchradi

Sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan kompaniya Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga ko‘maklashishda gumon qilinmoqda.

'Yana bir O‘zbekiston kompaniyasi YEI sanksiyasiga uchradi'ning rasmi

Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi qabul qilingan 17-sanksiyalar paketi doirasida O‘zbekistonning Trade Engine System kompaniyasi yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Bu haqda Yevroittifoqning rasmiy saytida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur kompaniya Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga ko‘maklashishda gumon qilinmoqda. Shu sababli unga nisbatan ikki yo‘nalishda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mahsulot va texnologiyalar (ya’ni, fuqarolik hamda harbiy maqsadlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan) eksportiga qat’iy cheklovlar joriy etilgan.

Yangi sanksiyalar Rossiyaning “soya floti” deb ataluvchi 149 ta neft tankeriga, shuningdek, Rossiyani sanksiyalarni chetlab o‘tishda qo‘llab-quvvatlaganlikda gumon qilinayotgan uchinchi davlatlar kompaniyalariga qarshi qaratilgan. Ular orasida BAA, Turkiya, Serbiya va Vetnam kompaniyalari ham bor. 

Ma’lumot uchun, Trade Engine System kompaniyasi temiryo‘l, avtomobil, dengiz va havo transportida yuk tashish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Kompaniya 2022 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uning ustav kapitali 10 million so‘mni tashkil etadi. Ta’sischisi va direktori Nosirjon Akbarov.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqining Rossiyaning Ukrainaga to‘liq bosqini boshlaganining uch yilligi munosabati bilan e’lon qilgan 16-sanksiyalar paketiga ham O‘zbekiston kompaniyasi kiritilgandi. O‘shanda mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuavchi Uzstanex kompaniyasi YEI sanksiyasiga uchragan.

    Boshqa yangiliklar