O‘zbekiston elchixonasi Hindistonga aldov yo‘li bilan olib kelingan va odam savdosi qurboniga aylanish xavfi ostida qolgan ayolning vatanga qaytishiga amaliy yordam ko‘rsatdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar qildi.
Diplomatik missiya konsullik bo‘limiga Hindiston huquq-tartibot idoralaridan Dehlidagi Indira Gandi xalqaro aeroportida ruhiy tushkunlik holatidagi Z.T. ismli O‘zbekiston fuqarosi aniqlangani haqida ma’lumot kelib tushgan.
Shundan so‘ng fuqaro bilan aloqa o‘rnatilib, u elchixonaga olib kelingan. Surishtiruv jarayonida Z.T.ga ikki kishi oshxonalardan birida ofitsiant bo‘lib ishlash taklifi bildirgani aniqlangan. Biroq ayol mamlakatga kelib, mehmonxonaga joylashgach, aldanganini bilib qolgan va uni O‘zbekistonga qaytarib yuborishlarini talab qilgan.
Ammo ikki kishi ayoldan uning uchun sarflangan yo‘l xarajatlarini qoplab berishini talab qilgan hamda jinsiy xizmat ko‘rsatishga majburlashga harakat qilgan. Z.T. o‘zi ushlab turilgan maskandan qochish va mahalliy politsiya vakillariga murojaat qilishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zbekiston elchixonasi ayolga tezkor konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatgan hamda homiy tashkilotlar ko‘magida Dehli — Toshkent yo‘nalishidagi aviareysga chipta sotib olingan.
Hindistonning tegishli muassasalari bilan O‘zbekiston fuqarosini Dehliga keltirib, ekspluatatsiya qilishga urinishda gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishi bo‘yicha hamkorlik qilinmoqda, deyiladi xabarda.
Diplomatik missiya o‘zbekistonliklarni Hindistonga safar qilishdan oldin turli shubhali guruh yoki shaxslarning yolg‘on va’dalariga aldanib qolmaslik, ushbu mamlakatga kirish va unda bo‘lib turish chog‘ida mahalliy qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Elchixona bunday holatlar yuzaga kelgan taqdirda zarur konsullik-huquqiy yordami ko‘rsatilishi uchun zudlik bilan quyidagi vositalar orqali murojaat qilishni tavsiya qiladi:
- telefon: +91 11 2467 0774/75;
- Telegram-bot: @consuluzbindia_bot.