Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar tomonidan xarid qilinib, pishirilgan “Sag‘bon” nomi ostida sotilayotgan sosiska ichidan qurt chiqqani aks etgan video xabarlar tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, holatga oydinlik kiritish maqsadida boshqarmaning Olmazor tumani bo‘limi tomonidan “Sag‘bon” kolbasa va kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasida Biznes ombudsman bilan kelishilgan holda kuchaytirilgan tekshiruv ishlari olib borilgan.
Tekshiruv davomida korxonada go‘sht va go‘sht mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash jarayonida Sanitariya qoida va me’yorlariga amal qilgan holda ish olib borilayotgani, kolbasa mahsulotlarini tayyorlash uchun olib kelinadigan go‘sht mahsulotlari tekshiruvdan o‘tgan holda keltirilishi hamda tayyor mahsulotlar to‘liq sovutish tizimiga ega bo‘lgan omborxonalarda saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, ba’zi jihozlarning foydalanilishiga qarab tamg‘alanmagani, 7 nafar xodimning tibbiy ko‘rik kitobchalari mavjud emasligi hamda ishchi xodimlarning ust-bosh kiyimlari zaxirasi yaratilmagani bois korxona rahbariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
“Qayd etish kerakki, korxonada mahsulotlarni tayyorlash va saqlash qoidalarida rioya qilinayotgani bois u yerda mahsulot sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi omil mavjud emas. Shu bois videodagi holatga do‘konlarda sosiska mahsulotlarini to‘g‘ri sharoitda saqlanmagani uning sifati buzilishiga sabab bo‘lganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.