AsosiyJamiyat

O‘zbekiston va Xitoy energetika qo‘shma korxonasi tashkil etilmoqda

Ushbu korxona O‘zbekiston hukumati uchun jahon standartlariga mos energetika rivojlanish strategiya va rejalarini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatadi.

'O‘zbekiston va Xitoy energetika qo‘shma korxonasi tashkil etilmoqda'ning rasmi

O‘zbekiston va Xitoy energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish maqsadida Silk Road Energy Planning and Engineering qo‘shma korxonasini tashkil etmoqda

“O’zenergoinjiniring” AJ va China Energy Power Planning and Engineering Institute (EPPEI) poytaxtimizda ushbu qo‘shma korxona faoliyatini boshlashi munosabati bilan taqdimot marosimini o‘tkazdi. Unda vazirlik va idoralar vakillari, xalqaro hamda mahalliy hamkorlar ishtirok etishdi. 

Bugun yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida energetika sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini (QTEM) keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatta, olib borilayotgan chora-tadbirlar mamlakat aholisini va iqtisodiyot tarmoqlarini ishonchli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash, uni narx jihatidan ham maqbullashtirish, shuningdek, qazilma yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish maqsadlariga qaratilgan. Xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston QTEM joriy etish sohasida hattoki rivojlangan mamlakatlardan ham ilg‘or natijalarga erishmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatda energetika sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib, bu energiya tizimining samaradorligini, ishonchliligini va hamyonbopligini ta’minlashga qaratilgan. Ushbu jarayonlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun O‘zbekiston xalqaro tajribani o‘rganib, uni samarali tarzda tatbiq etishni maqsad qilgan.

Bu borada yetakchi davlatlardan biri Xitoy hisoblanadi. Xitoy qayta tiklanuvchi energiya manbalari va raqamli texnologiyalarni joriy etishda jahon miqyosida katta yutuqlarga erishgan, uning tajribasi ko‘plab mamlakatlar uchun namunadir.

Xitoyning ushbu sohadagi yirik muhandislik markazlaridan biri China Energy Power Planning and Engineering Institute (EPPEI) bo‘lib, u Xitoy energetika tizimini rivojlantirish, QTEMni joriy etish va raqamlashtirish bo‘yicha davlat strategiyalarini ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, EPPEI Malayziya, Braziliya, Filippin, Laos, Mo‘g‘uliston va boshqa mamlakatlarda ham samarali tajribaga ega.

Xalqaro ilg‘or tajribalarni O‘zbekistonda tatbiq etish maqsadida EPPEI va “O’zenergoinjiniring” AJ o‘rtasida Silk Road Energy Planning and Engineering qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Ushbu korxona O‘zbekiston hukumati uchun jahon standartlariga mos energetika rivojlanish strategiya va rejalarini ishlab chiqishda yordam ko‘rsatadi. Bunda, QTEM (quyosh, shamol) energiya saqlash qurilmalari, an’anaviy energiya manbalari (issiqlik, gidro) quvvatlari va turlarini aholi va iqtisodiyot ehtiyojlari, elektr tarmoqlari imkoniyatlari, hamda tabiiy va boshqa resurslarni hisobga olgan holda xalqaro amaliyot va mahalliy sharoitlardan kelib chiqib aniqlashga ko‘maklashadi. Shuningdek, qo‘shma korxona elektr tarmoqlarini raqamlashtirish jarayonlarida ham faol ishtirok etishni maqsad qilgan.

Yurtboshimiz tomonidan belgilangan ustuvor vazifalardan biri bu – mahalliy ishlab chiqarish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega xizmatlar darajasini oshirishdir. Silk Road Energy Planning and Engineering qo‘shma korxonasi bu yo‘nalishda mahalliy mutaxassislarning malakasini xalqaro darajaga ko‘tarish, investitsion loyihalarda mahalliy mutaxassislar ishtirokini kengaytirishni maqsad qilgan. Bunday yondashuv orqali qo‘shma korxona O‘zbekistondagi investitsion loyihalar qiymatini kamaytirish va O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqchi.

    Boshqa yangiliklar