Toshkent shahri tumanlaridan biridagi elektr tarmoqlari korxonasida ishlovchi ikki nafar muhandis tijorat banki filiali binosida o‘rnatilgan elektr hisoblagich noto‘g‘ri sxema asosida tarmoqqa ulangani sabab elektr energiyasi hisob-kitobida xatolik yuzaga kelgani bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirgan.
Ma’lum qilinishicha, ular hisoblagichni tarmoqqa ulagan MChJ rahbaridan mazkur dalolatnoma bo‘yicha hisoblangan 400 mln so‘m jarimani 65 mln so‘mga kamaytirib berish evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida muhandislar pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olmoqchi bo‘lgan paytda ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






