O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Kiprda o‘tayotgan 2026-yilgi Nomzodlar turniri doirasida tarixiy rekord o‘rnatdi. U turnir yakuniga 4 tur qolganiga qaramay, 10 ta partiyaning 6 tasida g‘alaba qozonib, amaldagi formatda eng ko‘p yutuqqa erishgan shaxmatchiga aylandi.
10-turda Sindorov oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhaaga qarshi bahs olib bordi. Raqibning xatosidan unumli foydalangan o‘zbekistonlik shaxmatchi aniq yurishlar orqali ustunlikni qo‘lga kiritib, 53-yurishdan so‘ng g‘alabani rasmiylashtirdi.
Mazkur natijadan so‘ng Sindorov 8 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlikni mustahkamladi. U eng yaqin ta’qibchisi — niderlandiyalik Anish Giridan 2 ochkoga ilgarilab ketmoqda.
Ilk bor Nomzodlar turnirida qatnashayotgan Sindorov hozircha mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. U ortda qolgan turlarda Fabiano Caruana, Hikaru Nakamura va Wei Yi kabi yetakchi grossmeysterlar ustidan g‘alaba qozongan.
Eslatib o‘tamiz, musobaqa g‘olibi amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuqa qarshi jahon toji uchun bahs olib borish huquqini qo‘lga kiritadi.






