AsosiyJamiyat

Yaqin Sharqdagʻi urush Hindiston iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirmoqda

Yaqinda Hindiston markaziy banki mamlakatdagi yuqori iqtisodiy o‘sish va past inflyatsiya muhitini “Goldilocks” davri sifatida baholagandi.

'Yaqin Sharqdagʻi urush Hindiston iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirmoqda'ning rasmi

Biroq bu optimizm Yaqin Sharqda davom etayotgan urush va neft bozorlaridagi izdan chiqishlar fonida qisqa muddatli bo‘lib chiqdi.

Mazkur omillar Hindistonning jahon miqyosidagi yetakchi o‘sish sur’atlariga kutilmagan zarba berdi. Bu ta’sir, eng avvalo, milliy valyuta — rupiyada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. U rekord darajada qadrsizlanib, so‘nggi bir yil ichida AQSh dollariga nisbatan qariyb 10 foizga tushib ketdi.

Markaziy bank spekulyatsiyalarni cheklash maqsadida valyuta bozoriga aralashgach, rupiyada ma’lum darajada barqarorlashuv kuzatildi. Biroq mutaxassislar bu holat vaqtinchalik bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, mojaro qancha uzoq davom etsa, kelgusida shunchalik keskin pasayishlar yuz berishi ehtimoli yuqori.

Jumladan, "Bernstein" tahlilchilari eng yomon ssenariyda, agar urush 2026 yilning katta qismigacha cho‘zilsa, rupiya kursi bir dollar uchun 110 dan oshib ketishi mumkinligini bildirgan. Ular bu holatni "halokatli" deb baholamoqda.

Mutaxassislar fikricha, valyuta kursining uzoq muddatli zaifligi iqtisodiyotning turli sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, iste’mol narxlarining oshishi, davlat xarajatlarining ortishi va fond bozoriga kapital oqimlarining kamayishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Hindistonning asosiy aksiya indekslari yil boshidan buyon 12 foizga pasaygan. Bu esa, xorijiy sarmoyalarning chiqib ketishi ortidan "boylik ta’siri" — aktivlar qiymatining oshishi hisobiga ko‘proq sarf qilish tendensiyasining susayishiga olib kelmoqda.

Shu bilan birga, Eron ayrim hind kemalariga Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishga ruxsat bergan. Biroq maishiy gaz tanqisligi restoran va mehmonxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ayrimlarining yopilishiga sabab bo‘lmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, global tarangliklar mamlakatning inflyatsiya va iqtisodiy o‘sish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsata boshlagan. Hindiston dunyodagi uchinchi yirik xom neft importchisi hisoblanadi. Shuningdek, mamlakat tabiiy gazning qariyb 60 foizini va LPG importining 90 foizdan ortig‘ini Yaqin Sharqdan oladi. Bu esa mazkur inqirozni Dehli uchun yanada jiddiylashtirmoqda.

    Boshqa yangiliklar