AsosiyDunyo

Eron elchisi Turkiyaga uchirilgan raketalar bo‘yicha izoh berdi

Elchi ta'kidladiki, Eron va Turkiya do'st va qardosh davlat sifatida tinchlik va barqarorlikni ta'minlashga intiladi.

'Eron elchisi Turkiyaga uchirilgan raketalar bo‘yicha izoh berdi'ning rasmi

Eronning Anqaradagi elchisi Muhammad Hasan Habibullohzoda Turkiya tomoniga uchirilgan raketalar haqida bayonot berdi va Turkiyaning milliy suverenitetiga hurmat bilan qaralishini ta'kidladi. Bu haqda DHA xabar qildi.

Elchi ta'kidlashicha, Eron tomonidan Turkiyaga hech qanday raketa yoki o'q-dori uchirilmagan. Uning so'zlariga ko'ra, hodisa uchinchi tomonlar tomonidan sodir etilgan bo'lishi mumkin va ularning maqsadi ikki davlat o'rtasidagi do'stona munosabatlarga zarar yetkazish. Eron bu masala bo'yicha texnik guruh tuzishni taklif qilgan, hozircha amalga oshirilmadi.

Habibullohzoda AQSh va Isroilning Eronga qilgan hujumlarini ham tilga olib, Eron o'zini qonuniy mudofaada himoya qilayotganini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, muzokaralar davom etayotgan paytda qarshi taraf hujumi boshlangan va bu diplomatiyaga xiyonat hisoblanadi.

Eron elchisi so'zlariga ko'ra, hozir mamlakat himoya holatida va tinch aholi hayotiga va infratuzilmaga zarar yetkazuvchi hujumlar davom etmoqda.

Mazkur holatlar Turkiya havo hududida yo'q qilingan bir qator raketalar bilan bog'liq. Joriy yilning 4 va 9 mart kunlari Turkiya osmonida Eronga tegishli ekani da'vo qilingan ballistik raketalar yo'q qilingan. 13 mart kuni Adanadagi Injirlik harbiy-havo bazasi tomon uchirilgan uchinchi raketa ham mudofaa tizimi tomonidan havoda yo'q qilindi.

    Boshqa yangiliklar