Sankt-Peterburg shahridagi Petrozavodskaya ko‘chasida yetti yoshli bola uyning ettinchi qavati karniziga chiqib qolgan. Qo‘shnilar uni xonaga qaytishga chaqirgan, ammo bola javob bermagan. Bir necha soniyadan so‘ng u muvozanatni yo‘qotib, pastga qulagan.
Shu payt uy oldida ishlayotgan, O‘zbekistonda tug‘ilgan Xayrullo ismli erkak ochiq oyna yonida bolani avvalroq payqagan. Bolaning tashqariga chiqmoqchi bo‘layotganini anglagan u yaqinlashib, vaziyatni kuzatgan.
Xabarda aytilishicha, bola boshi bilan pastga qulayotgan paytda farrosh uni havoda ushlab qolib, bag‘riga bosgan va zarbani yumshatgan. Keyin u bolani pod’yezdga olib kirib, qo‘shnilar tez yordam chaqirguncha uni hushiga keltirishga harakat qilgan.
Bola omon qolgan, hozir reanimatsiyada, ahvoli barqaror deb baholanmoqda. Xayrullo ham engil tan jarohatlari olgan, ammo og‘ir shikastlar qayd etilmagan.
Hodisa haqida dastlab ExpressAsia xabar berdi. Nashr ta’kidlashicha, bu voqea boshqacha yakun topishi mumkin edi, ammo Markaziy Osiyodan bo‘lgan oddiy ishchining jasorati bola hayotini saqlab qoldi.






