Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida xalqaro miqyosda firibgarlik bilan shug‘ullangan uyushgan jinoyiy guruh fosh etildi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona shahrida yashovchi 40 yoshli shaxs rahbarlik qilgan 34 nafardan iborat guruh Farg‘ona va Toshkent shaharlarida binolarni ijaraga olib, “kall-markaz” sifatida faoliyat yuritgan. Ular axborot texnologiyalari orqali Rossiyada dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar sotib olgan 70 mingdan ortiq mijoz ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan.
Operatorlar o‘zlarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar va bank xodimlari sifatida tanishtirib, go‘yoki sifatsiz mahsulot uchun 500–580 ming rubl kompensatsiya to‘lanishini aytgan. Buning uchun fuqarolardan 5–20 ming rubl miqdorida “soliq” talab qilingan. Natijada jabrlanuvchilar turli bank kartalariga jami 9 mln 599 ming 561 rubl o‘tkazib bergan.
Sud hukmiga ko‘ra, guruhning 21 a’zosi 3 yil 6 oydan 9 yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum etildi, 13 nafariga esa ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilandi.






