6 fevral kuni Islomobod shahridagi “Ayvoni Sadr” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Pokistonning oliy davlat mukofoti — “Nishoni Pokiston” ordeni topshirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Marosim chog‘ida Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy mukofotni O‘zbekiston rahbariga tantanali ravishda taqdim etgan. Qayd etilishicha, ushbu orden ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning e’tirofi, shuningdek, O‘zbekiston xalqiga bo‘lgan do‘stona munosabat va chuqur hurmat ifodasi hisoblanadi.
Tomonlar O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligi mazmun jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib borishiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, mazkur nufuzli mukofot turli yillarda Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, AQSH sobiq prezidenti Richard Nikson, Nelson Mandela, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hamda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon kabi qator nufuzli shaxslarga ham berilgan.






