Bugun, 28 yanvar kuni Seul markaziy okrug sudi sobiq Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Kon Xini korrupsiyada aybdor deb topdi. Sudning 27-jinoiy bo‘limi mahalliy vaqt bilan soat 14:10 da hukm chiqarish bo‘yicha majlis o‘tkazib, uni aybdor deb e’lon qildi.
Qayd etilishicha, bu Kim Kon Xiga nisbatan chiqarilgan birinchi sud hukmi bo‘lib, jarayon ilk bor jonli efirda ko‘rsatildi.
U Deutsche Motors aksiyalari bilan bog‘liq firibgarlik, Unification Church tashkilotidan qimmatbaho sovg‘alar qabul qilish va saylovlar vaqtida jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishda ayblangan. Avvalroq maxsus prokuror Kim Kon Xi uchun 15 yillik qamoq jazosini so‘ragan edi.






