Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi rasmiysiga ko‘ra, mamlakatda vaziyat barqaror. Hindistonga safar rejalayotgan fuqarolarga esa ehtiyot choralari tavsiya etildi.
So‘nggi kunlarda Hindistonda Nipah virusi bilan bog‘liq xabarlar keng muhokama qilinmoqda. Shu munosabat bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda ushbu virus tarqalish ehtimoli juda past ekanini ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib, xavotirga o‘rin yo‘q. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham Nipah virusi global epidemiya yoki pandemiyaga olib kelishi ehtimoli pastligini bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, Nipah virusi asosan ko‘rshapalaklar va cho‘chqalar orqali yuqadi, ayrim hollarda esa odamdan odamga ham o‘tishi mumkin. Virusga qarshi hozircha vaktsina mavjud emas, davolash simptomatik tarzda olib boriladi.
Shu bilan birga, Hindistonga borishni rejalashtirayotgan fuqarolarga shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish, mevalarni yaxshilab yuvish va tekshirilmagan suvni ichmaslik tavsiya etildi. Ayni paytda O‘zbekistonda 54 ta chegarа punktida epidemiologik nazorat kuchaytirilgan.






