Qayd etilishicha, markaz muzeyi "Islom olamidagi eng katta muzey" sifatida tan olingan. Inshoot Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasi hududida 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish maydoni esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod.
Markaz qadimiy va milliy me'morchilik an'analari asosida qurilgan bo‘lib, unga to‘rt tomondan asosiy portallar orqali kirish mumkin. Portallar va tashqi ravoqlar ilm-ma'rifat, bag‘rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur'on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan. Birinchi qavatda qariyb 8 ming 350 kvadrat metrlik ko‘rgazma zaliga ega muzey va 550 o‘rinli anjumanlar zali joylashgan.
Ikkinchi qavatda qo‘lyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, o‘quv zallari, shuningdek xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoat yaratilgan. Gumbaz ostida maxsus mapping gologrammasi o‘rnatilgan bo‘lib, unda koinot tasviri va yulduzlar kompozitsiyasi namoyon etiladi. Bu kompozitsiya Toshkent osmonida tunda ko‘rinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan bo‘lib, uni yaratishda 90 dona "Svarovski" toshi va 650 dan ortiq chiroqlardan foydalanilgan.
Markazda Usmon Mushafi bilan bir qatorda O‘zbekistonga tegishli, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qur'on qo‘lyozmalari jamlangan. Ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davrlarga mansub nusxalar mavjud.
Markaz Frantsiyaning Avisenna mukofotiga sazovor bo‘lgan, shuningdek AQShdagi "Smithsonian Magazine" talqiniga ko‘ra 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilyotgan 10 ta muzeydan biri sifatida e‘tirof etilgan. "Condé Nast Traveler" nashri uni 2026 yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng ko‘p kutilyotgan muzeylar qatoriga qo‘shgan.






