Mahallada ixtisoslashuvni rag‘batlantiruvchi qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar ham yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga:
– sertifikati bor ko‘chatlarni sotib olish xarajatining yarmi byudjetdan qoplab beriladi;
– mevaning turiga qarab, “shpaler”lar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi;
– tomorqasiga tomchilab sug‘orishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi, deya ma’lum qildi prezident videoselktor yig‘ilishida.
Shuningdek, agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ysa, 2 million so‘m, buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida qilsa, yana 75 million so‘mdan mukofot oladi.
Joriy yil 2 ming gektar o‘rmon yeri 4 ming qambag‘al oilaga 50 sotixdan tutzor qilish uchun 10 yilga bepul beriladi. Bunda pilla kooperativini tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Bundan tashqari, uyida pilla yetishtirish istagidagi ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna olish uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga 140 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilangan.
“Ochiq aytish kerak, hozir banklar taklif qilayotgan kreditlar barcha tuman va shaharlar uchun bir hil. Endi o‘zingiz ayting, Olmazor bilan Bo‘zatovdagi imkoniyat va sharoyitni taqqoslab bo‘ladimi?
Lekin oilaviy tadbirkorlik uchun ikkala tumanga bir hil, 17,5 foizli kredit ajratilyapti. Endi 37 ta “og‘ir” tumanda ushbu dastur doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi”, – dedi Prezidentimiz.
Barcha tumanda oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha imtiyozli kreditning eng ko‘p miqdori 1,5 karra ko‘payib, 50 million so‘mga etkaziladi. Bunda import qilingan va sertifikatli naslli chorva uchun 100 million so‘mgacha kredit beriladi. Uy mehmonxona, kichik hajmli muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyasi uchun 150 million so‘m garovsiz kredit ajratiladi.
Chegara va anklav hududda joylashgan 562 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshiriladi.
Buning uchun joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga reja qilingan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2 trillion so‘m resurs yo‘naltirilishi belgilandi.
Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun bu yil banklar 17 trillion so‘mlik kredit ajratadi. Bu jarayonda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihasida esa 6 foizi qoplab beriladi, - dedi prezident.






