Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025 yil davomida 153 tonna sifatli donor qoni tayyorlangan. Ushbu ko‘rsatkich 2023 yilda 130,6 tonna, 2024 yilda esa 148 tonnani tashkil etgan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatta Respublika qon quyish markazi, Toshkent shahar "Qon preparatlari" ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi, 13 ta hududiy va 2 ta respublika tasarrufidagi qon quyish stansiyasi hamda 13 ta qon quyish bo‘limi faoliyat yuritmoqda.
Respublika qon quyish markazi direktori A’lonur Saidovning ta’kidlashicha, JSST tavsiyasiga ko‘ra, har 1000 nafar aholiga kamida 30 nafar donor to‘g‘ri kelishi lozim. O‘zbekistonda esa bu ko‘rsatkich hozircha 10 nafarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, hududlarga 13 ta ko‘chma donorlik kompleksi topshirilgan. O‘zbekistonda 18–60 yoshda, vazni 50 kg dan yuqori bo‘lgan fuqarolar yiliga 4 martagacha donor bo‘lishi mumkin.






