Mazkur bitimda ishlab chiqarish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohasida tajriba almashish, kon elektromexanikasi yo‘nalishida yangi istiqbolli qo‘shma loyihalarni bajarish va innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga xitoylik olimlar bilan hamkorlikda joriy etish maqsadi belgilandi.

Bundan tashqari, Olmaliq davlat texnika instituti bazasida "CONCH Cement" tarkibiy bo‘linmalari uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, kompaniya xodimlarining malakasini oshirish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish masalalari ham kelishib olindi.

Bunda korxona uchun istiqbolli sohalarda mutaxassislar tayyorlash, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun Xitoy va boshqa xorijiy davlatlarda stajirovka dasturlarini tashkil qilish, korxonaning dolzarb muammolari yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borish kabi qator mavzularda ham takliflar ilgari surildi.

Ta’kidlanganidek, bularning barchasi Davlatimiz rahbari o‘z Qarorida mazkur OTM oldiga qo‘ygan pirovard maqsad - Institutda jahon miqyosidagi geologiya, metallurgiya va texnikaga ixtisoslashgan ilg‘or muhandislik maktabini yaratishga qaratilgan.
Bugungi kunda Xitoyning “CONCH Cement” kompaniyasi butun dunyo bo‘ylab sement hamda qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi yuzlab korxonalarni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, konchilik sohasining eng yirik vakillaridan hisoblanadi. Yiliga bir necha yuz million tonna mahsulot ishlab chiqarib, dunyoning 20 davlatiga eksport qiladi.






