30 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining yangi ma’muriy binosini borib ko‘rdi. Davlat rahbari dastlab yer osti avtoturargohi va piyodalar yo‘lagini qurish jarayoni bilan tanishdi. Qiyati 100 million dollar bo‘lgan mazkur avtoturargoh 2026-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, vazirlik uchun modul turdagi yangi bino barpo etilib, unda 550 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Ushbu majmua vazirlik va tizim tashkilotlarini bir joyda jamlab, ish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida joriy etilgan raqamli platformalar faoliyati haqida ma’lumot berildi. Jumladan, shaharsozlik kadastri geoportali, raqamli bosh rejalar, tender va reyting tizimlari taqdim etildi.
Davlat rahbari tizimni yanada raqamlashtirish va shaffoflikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berib, yosh mutaxassislar bilan suhbatlashdi hamda axborot texnologiyalarini chuqur o‘rganish muhimligini ta’kidladi.






