26 dekabr kuni Yun Sok Yol faoliyatini tergov qilayotgan maxsus prokuratura jamoasi unga nisbatan 10 yillik qamoq jazosini so‘radi. Bu haqda The Korea Times nashri xabar berdi. Prokurorlar sobiq prezidentni hibsga olish orderi ijrosiga to‘sqinlik qilish, lavozim vakolatlarini suiiste’mol qilish hamda rasmiy hujjatlarni soxtalashtirishda ayblamoqda.
Ma’lum qilinishicha, ayblov tomoni rasmiy vazifalarga to‘sqinlik qilganlik uchun 5 yil, vakolatlarni suiiste’mol qilganlik uchun 3 yil, hujjatlarni soxtalashtirish va ulardan noqonuniy foydalanganlik uchun esa 2 yil qamoq jazosini tayinlashni talab qilgan. Prokurorlar Yun davlat institutlaridan qonunbuzarliklarni yashirish va konstitutsiyaviy muvozanatni buzish maqsadida foydalanganini ta’kidlamoqda.
Ayblovlarga ko‘ra, 3 yanvar kuni Yun bir necha hafta davomida qarorgohida qolib, tergovchilarni ichkariga kiritmagan. Shuningdek, u prezident xavfsizlik xizmati xodimlariga tergovchilarni to‘sib qo‘yishni buyurgani aytilmoqda. Prokurorlar bu holatni qonuniy berilgan order ijrosiga misli ko‘rilmagan qarshilik sifatida baholamoqda.
Bundan tashqari, Yun harbiy holat e’lon qilinishi oldidan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida ayrim vazirlarni chetda qoldirganlikda, harbiy holat bekor qilingach esa rasmiy hujjatlarni orqa sanalar bilan soxtalashtirishga uringanlikda ham ayblanmoqda.
Ma’lumot uchun, Yun Sok Yol o‘tgan yil 3 dekabr kuni Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgan, ammo u ortidan olti soat o‘tib bekor qilingan edi. 14 dekabr kuni unga nisbatan impichment e’lon qilinib, prezidentlik vakolatlari to‘xtatilgan. Hozirda sobiq prezident bir nechta jinoyat ishlari bo‘yicha sud jarayonlariga jalb qilingan.






