Ikkinchi ustuvor yo‘nalish – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish.
“Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda faqat yuqori qo‘shilgan qiyamatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina dunyo bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lmogda.
Shuning uchun iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish kelgusida islohotlarimizning bosh mezoni bo‘lishi shart”,
– dedi Prezidentimiz.
Masalan, sanoatda yuqori texnologik va kam energiya iste’mol qiladigan tarmoqlar rivojlantirilgani hisobiga joriy yilda 1 dollar mahsulot uchun sarflanadigan yoqilg‘i-energiya miqdorini 13 foizga kamaytirishga erishildi.
Shu bois, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun eng to‘g‘ri yo‘l – barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish ekani ta’kidlandi.
Bu kelgusi yillarda iqtisodiy taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi belgilandi.
Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik o‘sish, inson kapitaliga berilayotgan e’tibor O‘zbekistoni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda.
Joriy yilning o‘zida chet ellik hamkorlar bilan 140 milliard dollarlik yangi investitsiya kelishuvlariga erishildi. Kelgusi yilda 50 milliard dollar xorijiy investitsiyani jalb qilish mo‘ljallangan.
Bundan buyon har bir dollar investitsiya, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalar transferi, tashqarida bozori aniq, yuqori qo‘shilgan qiyamatli mahsulotlar ishlab chiqarishga, energiya, suv, yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanishda samaradorlikni oshirishga, mahalliy ishchilarni yangi texnologiyalar bilan ishlashga o‘qitish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi.
“Ya’ni yuqori texnologiya va yangi kompetensiyalarni olib kirgan, eksportga ishlagan investor eng ishonchli hamkorimiz bo‘ladi”,
– dedi davlatimiz rahbari.
Bunday strategik investorlarga loyiha uchun yerlari bozor qiyamatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladi. Yer toifasi o‘zgarganida nobudgarchilik uchun to‘lovni 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.
Yerni rasmiylashtirish, toifasini o‘zgartirish, qurilish va infratuzilmaga ulanishga ruxsatnoma olish uchun investorlar idorama-idora yurmaydi. Ularga “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmat ko‘rsatadigan elektron platforma ishga tushiriladi va barcha vazirliklar unga ulanadi.






