Jahon banki O‘zbekistonda munitsipal infratuzilma va xizmatlarni rivojlantirish uchun 250 million dollar ajratishni ma’qulladi. Mablag‘lar “Shaharlarda yashash va unumdorlikni oshirish uchun qulay sharoyitlar yaratish” dasturi doirasida sarflanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘pi shaharlarda istiqomat qiladi, 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshishi kutilmoqda. Urbanizatsiyaning tezlashuvi shaharlarni rejalashtirish, kommunal xizmatlar, jamoat transporti va chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish zaruratini kuchaytirmoqda.
Shu munosabat bilan 2025 yilda hududlarni jadal kompleks rivojlantirish dasturi ishga tushirilgan bo‘lib, u 3,6 million nafar aholi yashaydigan 16 ta strategik ahamiyatga ega tuman va shaharni qamrab oladi. Dastur doirasida infratuzilma va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.






