Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanida qo‘lbola isitish pechining noqonuniy ulanishi oqibatida yuzaga kelgan is gazidan zaharlanish natijasida uch kishi vafot etdi.
Tuman hokimligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, fojia 13 dekabr kuni Xo‘jayli tumanining “Samanko‘l” OFY Qamishsholi aholi punkti Faxriylar ko‘chasida joylashgan ijaradagi uyda sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, ushbu uyda yashab kelgan fuqaro A.J. xonadonni isitish maqsadida qo‘lbola isitish pechini o‘zboshimchalik bilan boshqa xonaga ko‘chirib, uni mo‘risisiz holda gaz tarmog‘iga noqonuniy ulagan.
Oqibatda xona ichida gaz yonishi natijasida hosil bo‘lgan tutun — is gazi to‘planib, fuqaro A.J. va uning ikki nafar nabirasi zaharlangan. Natijada 2011 yilda tug‘ilgan A.S. (8-sinf o‘quvchisi), 2015 yilda tug‘ilgan A.Q. (4-sinf o‘quvchisi) hamda fuqaro A.J. voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.
Ma’lum qilinishicha, tuman hokimligi tomonidan marhumlarning oila a’zolariga ijtimoiy yordam ko‘rsatilmogda. Hodisa yuzasidan hozirda tergovgacha qadar tekshiruv ishlari olib borilmogda.






