Rossiya Federatsiyasida ish-faoliyati davomida murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan, turar joysiz qolgan, tazyiqqa uchragan, majburiy mehnat yoki zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan har bir O‘zbekiston fuqarosiga moddiy va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Bu haqda Migratsiya agentligi ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi Moskva shahri va Moskva viloyatidagi 15 ga yaqin hostel hamda sutkalik mehmonxonalar bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi.
"Agar murakkab moliyaviy ahvolda turar joysiz qolgan bo‘lsangiz — Migratsiya agentligining Moskva shahri, 1-Kazachiy tor ko‘chasi, 11/2 uyda (metro Polyanka) joylashgan (tel: +7925 045-47-44) vakolatxonasiga murojaat qiling. Vaziyatni o‘rgangan holda Sizga, 30 kunigacha bepul yotoq joyda yashash imkoniyati yaratiladi", deyiladi xabarda.
Shuningdek, ayni paytda Shimoli-g‘arbiy, Ural, Sibir, Uzoq Sharq va Janubiy okruglarda ham shu kabi hostel va mehmonxonalar bilan shartnoma ishlari olib borilayotgani ma'lum qilindi. Tez orada Rossiyaning barcha asosiy hududlarida bunday yordam ko‘rsatiladi.






