12 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda dori-darmonlarni faqat elektron retsept asosida berish tartibi kuchga kirdi. Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman va shaharda shifokorlar bemorlarga dori vositalarini xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha elektron retsept orqali tayinlaydi.
Elektron retseptga kunlik doza, qabul qilish usuli, miqdor va davomiyligi kabi ma’lumotlar kiritiladi. Bir retseptda bir nechta tashxis bo‘yicha 5 tagacha dori ko‘rsatilishi mumkin. Agar 5 tadan ortiq dori belgilanishi zarur bo‘lsa, shifokor qo‘shimcha asoslantirish kiritadi.
Hujjatga muvofiq, 2026 yil oxirigacha butun respublika dorixonalarida elektron retsept modulining haqiqiy vaqt rejimida ishlashi ta’minlanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 2027 yil 1 yanvargacha kuchli ta’sir qiluvchi, giyohvandlik va psixotrop moddalarni ham elektron retsept orqali berish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.
Dorixona xodimlari retseptsiz dori sotgan taqdirda qonuniy javobgarlikka tortiladi. Retsept asosidagi dorilar ro‘yxati Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi saytida e’lon qilingan.






