AsosiyJamiyat

Қирғизистонда ўлим жазоси жорий этилмайдиган бўлди

Konstitutsiyaviy sud 10 dekabr kuni ushbu taklifni ko‘rib chiqib, uni qabul qilmaslik haqida qaror chiqardi.

'Қирғизистонда ўлим жазоси жорий этилмайдиган бўлди'ning rasmi

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov bolalarni zoʻrlash va bu harakat ortidan sodir etilgan qotilliklar uchun oʻlim jazosini tiklashni taklif qilgandi. Konstitutsiyaviy sud 10 dekabr kuni ushbu taklifni koʻrib chiqib, uni qabul qilmaslik haqida qaror chiqardi.

Konstitutsiyaviy sud taklif etilayotgan oʻzgarishlar asosiy qonunning yaxlit tizimi bilan uygʻunligi, ularning insonning fundamental huquq va erkinliklari hamda davlatning demokratik karakteriga taʼsiri, shuningdek, Qirgʻiziston ratifikatsiya qilgan xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlarga mosligini baholaydi.

"Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida belgilaydi, ularni taʼminlash boʻyicha kafolatlar tizimi esa konstitutsiyon tuzumning asosini tashkil etadi va asosiy qonunga kiritilishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarning chegaralarini belgilab beradi.

Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy sud asosiy qonunning fundamental huquq va erkinliklar sohasidagi har qanday oʻzgartirishlari ularning tizimli xususiyatini va shaxsni himoya qilishning butun konstitutsiyaviy tizimi ishlashiga taʼsirini hisobga olishni talab etadi.

Huquq va erkinliklar boʻyicha kafolatlarining pasayishiga (non-regress) yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor qaratish lozim, chunki aynan ularning barqarorligi va izchilligi inson hamda uning qadr-qimmatining konstitutsiyaviy ustuvorligini belgilaydi", deyiladi sud matbuot xizmati xabarida.

Shu sababli Konstitutsiyaviy sud oʻlim jazosini taqiqlash va yashash huquqining ustuvor ahamiyatini tan olish nafaqat huquqiy norma, balki eng muhim axloqiy-qadriyat masalasi ham ekanini taʼkidladi. Bundan tashqari, sud Qirgʻizistonning xalqaro majburiyatlari borligini eslatti.

Xalqaro shartnomalar huquqi toʻgʻrisidagi Vena konvensiyasiga koʻra, davlat oʻz ichki qonunlariga tayanib xalqaro shartnomani bajarmaslikni oqlay olmaydi. Shuningdek, shartnomaning amal qilishini bekor qilish yoki toʻxtatib turish faqat aniq belgilangan holatlarda mumkin.

Konstitutsiyon va xalqaro-huquqiy dalillarni hisobga olgan holda, Konstitutsiyaviy sud oʻlim jazosini konstitutsiyaviy tuzatish orqali qayta tiklash asosiy qonunga zid ekanini, bunday oʻzgarish mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligini va huquqiy jihatdan imkonsizligini xulosa qildi.

    Boshqa yangiliklar