Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangicha yondashuv asosida tashkil etilgan. Xususan, ikkinchi kursni yuqori ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy o‘quv platformalarida ikki yillik dual ta’lim oladi. Talabalar zavod bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘tab boradi, bu esa ularga maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘lish imkoniyatini beradi.
Qisqa muddatli tayyorlov kurslarida avtomobil zavodiga ishga kiruvchi nomzodlar, zavod ishchilari va ishsiz yoshlarga o‘zlari qiziqqan kasblar o‘rgatiladi. Bu yerda BYD avtomobil ishlab chiqarish mini konveyeri ham tashkil etilgan. Ishlab chiqarish sexida payvandlash, bo‘yash, yig‘uv va sifat nazorati bo‘limlari mavjud.
Elektromobil va zaryadlash stansiyasining tuzilishi, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish, sanoat va dasturlash muhandisligi, tannarx va revers muhandisligi yo‘nalishlariga ixtisoslashgan maxsus xonalar tashkil qilingan.
Dunyo avtomobil sanoatida bitta qoida mavjud: raqibni tahli qilmagan kompaniya rivojlana olmaydi.
JizzaxdagI ushbu muhandislik maktabida birinchi marta mahsulotni texnik-analitik solishtirish, xarajatlarni modellashtirish (cost modeling), ishlab chiqarishni optimallashtirish, jarayonlarni global standartlar bilan taqqoslash kabi ko‘nikmalar ham o‘rgatilmogda.
Muhandislik maktabi faqat talabalar uchun emas, balki sohada faoliyat yuritish istagidagi yoshlar va mutaxassislar uchun ham ochiq. Bu yerda malaka oshirish dasturlari, boshlang‘ich kasbiy tayyorgarlik kurslari va tadbirkorlar uchun amaliy o‘quv modullari tashkil etilgan. Ularda ilgor mutaxassislar va ishlab chiqarish korxonalarining tajribali muhandislari faol ishtirok etadi.
Maktabning asosiy maqsadi – talabani tayyor kadr sifatida ish joyiga borishidan oldin amaliyat muhitiga olib kirishdan iborat. Natijada bitiruvchilar bozor talablariga to‘liq javob beradigan, yetuk va raqobatbardosh mutaxassisga aylanadi.
Davlatimiz rahbari maktabdagi mashg‘ulotlar jarayonini kuzatdi, mini konveyerda ishlayotgan talabalar bilan suhbatlashdi.
Prezidentimiz shu yerda respublika va viloyat faollari bilan ham mulogot qildi.
Keyingi yillarda Jizzaxda sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda yaxshi natijalarga erishilayotgani qayd etildi. Lekin ishga solinmagan imkoniyatlar hali ko‘pligi aytildi.
– Jizzaxga kelib, yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishni maqsad qilganmiz. Asosiysi, aholi, xususan, yoshlarga munosib sharoyat yaratish, yuqori daromadli ish bilan ta’minlash, – dedi davlatimiz rahbari.






