Irlandiya hukumatining aholi o‘sishi va boshpana so‘rovlarining rekord darajada ko‘payishi tufayli migratsiya va boshpana qoidalarini qat'iyalashtirishni ma'lum qildi.
Adliya vaziri Jim O'Kallaganga ko‘ra, aholining 1,6 foizlik yillik o‘sishi — Yevropa Ittifoqi o‘rtacha ko‘rsatkichidan etti baravar yuqori — uy-joy va davlat xizmatlariga jiddiy bosim o‘tkazmoqda.
2025 yil apreliga kelib Irlandiya aholisi 5,46 millionga yetdi. Sof migratsiya 2022 yildan beri ikki baravar oshib, yiliga o‘rtacha 72 ming kishini tashkil etmoqda.
Bu ishlashga ruxsatnomalar, oilalarni birlashtirish va ukrainalik qochqinlarning kelishi bilan izohlanadi. 2024 yilda boshpana so‘rovlari 18 651 tagacha ko‘tarilib, rekordni yangiladi.
So‘nggi yillarda boshpana izlovchilar soni ortishi bir necha norozilik aksiyalari va tartibsizliklarga sabab bo‘ldi. O‘tgan oy Dublin yaqinida mingga yaqin namoyishchi politsiya bilan to‘qnashgan edi.
Yangi keskin qoidalar
Hukumat tasdiqlagan islohotlar Irlandiya migratsiya tizimidagi eng katta o‘zgarishlardan biri sifatida tavsiflanmoqda. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Ishlayotgan boshpana izlovchilar davlat tomonidan ta'minlanadigan turar joy xarajatlariga o‘z daromadining 10–40 foizini to‘laydi. Chora 7 500 kishiga ta'sir qiladi.
YEIdan tashqaridagi qarindoshlarni chaqirish uchun arizachilar yiliga kamida 44 000 yevro daromadga ega bo‘lishi va talabga mos uy-joy ko‘rsatishi shart.
Qochqinlar uchun fuqarolik olish talabi uch yildan besh yilga oshiriladi. Uzoq muddat ijtimoiy nafaqa olganlar esa istisno qilinadi.
Davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki og‘ir jinoyat sodir etgan muhojirlar boshpana maqomidan mahrum qilinishi mumkin.
Hukumatning aytishicha, chorahar aholining keskin o‘sishi fonida davlat resurslarini muhofaza qilish va tizimni barqarorlashtirishga qaratilgan.






