ChatGPT servisidan foydalanayotgan ayrim kishilar endilikda platformadan foydalanish uchun passport orqali shaxsini tasdiqlash talabi bilan yuzma-yuz kelmoqda.
Ma'lumotlarga ko'ra, agar servis foydalanuvchi 18 yoshga to'lmaganiga shubha qilsa, undan shaxsiy ma'lumotlarni passport orqali tasdiqlashni so'raydi. Tekshiruvdan o'tilmaguncha "faqat kattalar uchun" belgilangan mavzularni muhokama qilish imkoni cheklanadi.
Qiziqi, ba'zi hollarda ushbu talab hatto yoshi katta foydalanuvchilarga ham qo'llanilmoqda. Masalan, 30 yoshli bir foydalanuvchi ham platformadan tasdiqlash so'ralganini aytgan.
OpenAI ushbu funksiya bosqichma-bosqich joriy etilayotganini va hozircha asosan ingliz tilli hududlarda sinov tarzida ishlayotganini tasdiqladi. Kompaniyaga ko'ra, yangilikning asosiy maqsadi — yosh cheklovlariga amal qilish va voyaga yetmaganlarni ehtimoliy nomaqbul kontentdan himoya qilishni kuchaytirish.
Shu bilan birga, OpenAI passport ma'lumotlarini qayta ishlash xavfsiz tarzda amalga oshirilishini alohida ta'kidlagan: ma'lumotlar shifrlanadi, faqat yoshni anqlash uchun ishlatiladi va hujjatlar ochiq holda saqlanmaydi.
Onlayn auditoriya esa yangilikka turli munosabat bildirmoqda. Ayrimlar tashabbusni raqamli xavfsizlikni ta'minlash va global qoidalarga mos qadam sifatida qo'llab-quvvatlasa, boshqalar mexanizm ba'zi vaziyatlarda noto'g'ri ishlayotganini, kattalar ham asossiz cheklovlarga duch kelayotganini tanqid qilmoqda.
OpenAIʼning qo'shimcha qilishicha, hozirgi yoshni anqlash tizimi sinov bosqichida. Kompaniya foydalanuvchilar fikrlarini tahlil qilmog'da va yoshni tasdiqlashning boshqa imkoniyatlarini — bank kartalari yoki elektron raqamli identifikatorlar kabi uslublarni — ko'rib chiqmoqda.
Ya'ni, platformaning yangi tartibi hozircha tajriba sifatida joriy etilgan bo'lib, kelgusida unga o'zgarish va yangilanishlar kiritilishi mumkin.






