BMTning Bolalar jamg'armasi — UNICEF tomonidan e'lon qilingan yillik hisobotga ko'ra, hozirda butun dunyo bo'yicha qariyb 417 million bola qashshoqlik chegarasida yashaydi deydi Zamon.uz nashri.
Tahlillarda qayd etilishicha, 118 million bola uch yoki undan ortiq, 17 million bola esa to'rt va undan ko'p turdagi muhim ehtiyojlardan mahrum holada hayot kechirmoqda.
Hisobotda ta'kidlanishicha, toza ichimlik suvi, profilaktik tibbiy xizmat, sifatli ta'lim kabi asosiy ehtiyojlarning yetishmasligi millionlab bolalarni chuqur qashshoqlikka olib kelmoqda. Bu esa past va o'rta daromadli davlatlarda har beshinchi bola og'ir sharaitlarda yashayotganini anglatadi.
UNICEF ma'lumotlariga ko'ra, bolalar o'rtasidagi eng yuqori darajadagi qashshoqlik Janubiy-Sharqiy Afrika va Janubiy Osiyo mintaqalarida kuzatilmoqda.
Shu bilan birga, hisobotda so'nggi o'n yillikda ayrim ijobiy o'zgarishlar ham qayd etilgan: 2013 yilda bolalarning 51 foizi kamida bitta og'ir mahrumlikka duch kelgan bo'lsa, 2023 yilga kelib bu ko'rsatkich 41 foizgacha kamaygan. UNICEF buni bolalar huquqlarini himoya qilish va ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish borasidagi chora-tadbirlarning natijasi sifatida baholaydi.






