Sharqiy Sinpo hududidan bir nechta ballistik raketalar uchirildi. Bu joriy yilda amalga oshirilgan yettinchi shunday sinov bo‘ldi. Janubiy Koreya va Yaponiya ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya sharqiy qirgog‘idan dengiz tomonga bir nechta ballistik raketalarni uchirgan.
Yakshanba kuni sodir bo‘lgan usbu voqea mamlakatning 2026 yildagi yettinchi ballistik raketa sinovi va aprel oyidagi to‘rtinchi uchirish bo‘ldi. Raketalar Shimoliy Koreyaning sharqiy sohilidagi Sinpo shahri yaqinidan, mahalliy vaqt bilan soat 6:10 atrofida (21:10 GMT, shanba kuni) uchirilgani Janubiy Koreya harbiylari bayonotida qayd etildi.
Shuningdek, Janubiy Koreya o‘z kuzatuv pozitsiyalarini kuchaytirgani va AQSH hamda Yaponiya bilan yaqindan ma’lumot almashayotganini ma’lum qildi.
Yaponiya hukumati ijtimoiy tarmoqlarda ballistik raketalar Koreya yarim orolining sharqiy sohiliga tushgani taxmin qilinayotganini bildirdi. Shu bilan birga, Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga kirish holatlari tasdiqlanmagan.
Ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyati favqulodda xavfsizlik yig‘ilishini o‘tkazgan.
Bunday sinovlar BMT Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Koreya raketa dasturiga qarshi qabul qilingan rezolyutsiyalarini buzadi. Diplomatik jihatdan izolyatsiyalangan mamlakat esa BMT taqiqlarini rad etib, bu uning o‘zini himoya qilish bo‘yicha suveren huquqini cheklashini ta’kidlab kelmoqda.
Ushbu uchirishlar Xitoy va AQSh may oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tadigan sammitga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda amalga oshirildi. Unda Xitoy prezidenti Si Tszinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya masalasini muhokama qilishi kutilmogda.
Shu bilan birga, Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi Shimoliy Koreya yadroviy qurollar ishlab chiqishda «juda jiddiy» yutuqlarga erishganini, ehtimol yangi uran boyitish inshooti qurilayotganini ma’lum qildi.






