Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida respublika bo‘yicha 62,4 ming jismoniy va yuridik iste’molchi qarzdorligi sababli suv ta’minotidan uzilgan. Shundan 46 ming holat (eng yuqori ko‘rsatkich) Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi, deb xabar berdi "Toshkent shahar suv ta’minoti" AJ matbuot xizmati.
Hisobot davrida nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda jami 4 351 ta holatda ichimlik va oqova suv tizimlariga noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan.
Eng yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:
Toshkent - 488 ta holat;
Sirdaryo viloyatida - 433 ta holat;
Qoraqalpog‘iston Respublikasida - 425 ta holat;
Xorazm viloyatida - 419 ta holat.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, usbu huquqbuzarliklar oqibatida jamiyatga 82 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 33,6 mlrd so‘mlik zarar qoplanishi ta’minlangan.
Qarzdorlikni qisqartirish maqsadida joriy yilda fuqarolik va iqtisodiy sudlarga 123,4 ming nafar qarzdor iste’molchilarga nisbatan 358,4 mlrd so‘mlik da’vo arizalari kiritilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida iste’molchilarning qarzdorligi yil boshiga nisbatan 203 mlrd so‘mga yoki 22 foizga kamayib, 705,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.
O‘tgan yilning shu davriga nisbatan qarzdorlikni 364 mlrd so‘mga yoki 34 foizga kamaytirishga erishilgan, deyiladi xabarda.






