AsosiySiyosat

Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo'lib o'tadi

O'zbekistonning ushbu formatdagi raisligi davrida hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi 20 dan ortiq yirik tadbirlar o'tkazildi.

'Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo'lib o'tadi'ning rasmi

15-16 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammadov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze ishtirok etadi.

Tadbir kun tartibidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan. Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Maslahat uchrashuvi yakunlariga ko‘ra ko‘p tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi kutilmogda.

Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2017-yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.

O‘zbekistonning usbu formatdagi raisligi davrida hamkorlikning turli sohalarini qamrab oluvchi 20 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi.

    Boshqa yangiliklar