AsosiyDunyo

Bangladeshda barcha reyslar bekor qilindi

Bunga Bangladeş aeroportida yuzaga kelgan yirik yong‘in sabab bo‘lgan. Yong‘inni o‘chirishga 36 ta o‘t o‘chiruvchi bo‘linma jalb qilingan.

'Bangladeshda barcha reyslar bekor qilindi'ning rasmi

Bangladesh poytaxti Dakkadagi Hazrat Shahjalal xalqaro aeroportida 18 oktyabr kuni katta yong‘in yuz berdi.

Ma’lum qilinishicha, yong‘in aeroportning yukxona hududida tushdan keyin soat 14:30 atroflarida kelib chiqqan. Hodisa sabab aeroportda barcha reyslar vaqtincha to‘xtatilgan. Yong‘inni o‘chirish uchun 36 ta o‘t o‘chiruvchi bo‘linma jalb qilingan.

Aeroport direktori Masudul Hasan Masud hodisani tasdiqlab, favqulodda choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. Rasmiylar samolyotlar xavfsizligi ta’minlanganini bildirgan.

Biman Bangladesh Airlines vakili Kavser Mahmud yong‘in soat 14:15 da boshlangani, aeroport yong‘in bo‘linmasi, Bangladesh havo kuchlari va boshqa guruhlar zudlik bilan voqea joyiga etib kelgani haqida ma’lumot bergan.

Inter-Services Public Relations tashkiloti yong‘inni o‘chirishda fuqarolik aviatsiyasi, yong‘in xizmatlari, dengiz va havo kuchlari hamda chegara qo‘riqlash kuchlari ishtirok etayotganini ma’lum qilgan. Barcha reyslar vaqtincha to‘xtatilib, ba’zi samolyotlar Chattogram shahridagi Shah Amanat va Silhet shahridagi Osmoni aeroportlariga yo‘naltirilmoqda.

Yuklarga zarar yetgani xabar qilinmoqda. Bangladesh Freight Forwarders Association direktori Nasir Uddinning aytishicha, xalqaro kuryer yuklari saqlanadigan zona juda katta zarar ko‘rgan, yaqin atrofdagi kimyoviy omborxonada ham yong‘in chiqqan. Hozircha jiddiy talafot yoki qurbonlar haqida xabar yo‘q. Yong‘in kelib chiqish sababi aniqlanmoqda.

    Boshqa yangiliklar