AsosiyJamiyat

Umra ziyoratidan qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbeklar aviachiptasiz qolib ketdi

Ziyoratchilarning aksariyatini keksalar va ayollar tashkil qilgan.

'Umra ziyoratidan qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbeklar aviachiptasiz qolib ketdi'ning rasmi

Umradan qaytmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarning 50 nafari aviachiptalarsiz qolib ketdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Bildirilishicha, Sauudiya Arabistoniga umra uchun borgan va aviachipta sabab qiyin ahvolda qolgan 50 nafar o‘zbekistonlik Bosh konsulxonasi ko‘magida vatanga qaytarildi.

Fuqarolardan biri D.I. ariza bilan murojaat qilib, sayohat firmalaridan biri tomonidan umra amallarini bajarish uchun kelgan 50 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilar Makkada vatanga qaytish uchun aviachiptalarsiz qolib ketgani bois, ularni O‘zbekistonga qaytarib yuborish masalasida amaliy yordam so‘ragan.

Ziyoratchilar umradan 15 sentyabrda qaytishi kerak bo‘lgan. Biroq sayohat firmasi tomonidan ziyoratchilarning vatanga qaytib ketmaslik sababi tushuntirilmagan, faqat yaqin kunlarda O‘zbekistonga qaytib ketishlari mumkinligi aytilgan. Ziyoratchilarning aksariyati keksalar va ayollar bo‘lgani tufayli ular vahimaga tushib qolgan.

Bosh konsulxona vakillari sayohat kompaniyasi mas’ul xodimi bilan bog‘lanib, ziyoratchilarni xavfsiz va tez fursatlarda O‘zbekistonga qaytarish masalasini muhokama qilgan. Firma vakillariga ko‘ra, aviachiptalarga mas’ul hamkorlar bilan yuzaga kelgan ba’zi muammolar bois, ziyoratchilarga oldindan rejalashtirilgan yo‘nalishga aviachiptalarni o‘z vaqtida sotib olishning imkoni bo‘lmagan.

Vaziyat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olinib, firmaga ziyoratchilarni mehmonxona bilan ta’minlash hamda aviachiptalar xarid qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berilgan. Barcha fuqarolar vaqtincha Makkadagi mehmonxonaga joylashtirilgan.

Olib borilgan muzokaralar natijasida sayohat firmasi tomonidan ziyoratchilar uchun aviachiptalar xarid qilingan va ular 17 sentyabrda Fly Khiva aviakompaniyasining Madina— Toshkent yo‘nalishidagi samolyoti bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yilgan.

    Boshqa yangiliklar