Namangan shahrida ichki ishlar xodimlari tomonidan fuqaro qiynoqqa solingani holati yuzasidan xodimga chora ko‘rildi. Bu haqda ombudsman xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ombudsmanning Namangan viloyatidagi vakili voqea joyiga chiqib, fuqaro bilan suhbatlashgan va holatni o‘rgangan. To‘plangan ma’lumotlar asosida Namangan viloyati IIB hamda Namangan shahar prokuraturasiga ombudsmanning nazorat xati kiritilgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan viloyati Chust tumani IIB jamoat xavfsizligi xizmati profilaktika inspektori mayor D.B. xizmat vazifasiga bepisandlik bilan yondashgani, xizmat hududiga sababsiz bormagani va ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy intizom qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun lavozimidan bo‘shatilgan.
Shuningdek, “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov Fasebookdagi sahifasida mazkur voqea xususida post qoldirgan. Unga yozishicha, 14 avgust kuni 31 yoshli fuqaro Abdulahad Urmonovni uchastka profilaktika noziri B.D. va boshqa xodimlar IIB binosida ikki kun davomida qiynoqqa solgan. Fuqaroga og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan. So‘ng uni mayda bezorilikda ayblab, JIB Namangan shahar sudiga olib kelishgan. Ayblov tasdiqlanmagach, ma’muriy ish sud tomonidan rad qilingan.
Abdulahad ichki ishlar organi xodimlari tomonidan kasalxonaga keltirilgan va uning hayoti saqlab qolingan. Abdurahmon Tashanov bu borada barcha tibbiy ma’lumotnomalar, video lavhalar mavjudligini ma’lum qilgan. Postda advokat taqdim qilgan fotosuratlarada Abdulahadning qo‘lidagi qishan izlari, badanidagi tan jarohatlari yaqqol ko‘rinishi qayd etilgan.
Namangan viloyati IIB mazkur holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazganda haqiqatan ham joriy yil 14 avgust kuni Namangan shahrida yashovchi fuqaro U.A. o‘zaro oilaviy nizo sababli ichki ishlar bo‘limiga olib kelingani aniqlangan. U bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, shu kuni uyiga ruxsat berilgan. Oradan ikki kun o‘tib, 16 avgust fuqaro U.A. sog‘lig‘i yomonlashgani sababli tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan.