Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Chorvoqdagi “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi yuzasidan keng jamoatchilikda paydo bo‘lgan savollarga javob berdi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha investori Agalarov Development kompaniyasi infratuzilma uchun 240 million dollar to‘lov amalga oshiradi va kanalizatsiya tizimini o‘z hisobidan quradi. Oqova suvlar Chorvoqqa emas, balki Chirchiqdagi tozalash inshootlariga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, loyiha to‘liq xususiy mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi, byudjetdan mablag‘ ajratilmaydi. Qurilish ekologik standartlar asosida va davlat nazorati ostida olib boriladi.
Vazirlik vakilining qayd etishicha, loyihada minglab ish o‘rinlari yaratiladi, maktab va shifoxonalar quriladi hamda hudud ekologik jihatdan obodlashtiriladi.