AsosiyJamiyat

Zangiotada sifatsiz dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186 prim 3-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

'Zangiotada sifatsiz dori vositalari  savdosiga chek qo‘yildi'ning rasmi

Toshkent viloyatida sifati kafolatlanmagan minglab dori vositalari va tibbiy buyumlar muomaladan chiqarildi. Bu haqda Darakchi.uz’ga Davlat xavfsizlik xizmati manbasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari bilan hamkorlikda Zangiota tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida 1996 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrida yashovchi shaxs ushlandi.

U sifati va qonuniy muomalaga oid hujjatlari bo‘lmagan:

— 9500 dona “MenaVazin”

—  1300 dona “Glicerin”

— 2000 dona “Metralin” dorilari,

— hamda 56 880 dona infuzion tizim tibbiy buyumlarini 9700 AQSH dollari va 2 million 550 ming so‘m evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Tergov davomida “Glicerin” suyuqligi qo‘lbola usulda tayyorlanib, idishlarga quyilganligi aniqlangan.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi” Davlat markazi xulosasiga ko‘ra, bu dori vositalari va buyumlarni sotish, tashish va amaliyotda qo‘llash qat’iyan man etiladi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186 prim 3-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar