Indoneziyaning Bali oroli sohillarida kecha, 2 iyul kuni mahalliy vaqt bilan kechqurun yirik dengiz halokati sodir bo‘ldi.
Sharqiy Yavadan Baliga harakatlanayotgan yo‘lovchi parom cho‘kib ketdi.
Hodisa oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘lgani tasdiqlandi, yana o‘nlab fuqarolar bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.
Mahalliy qutqaruv xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, halokatga uchragan parom bortida jami 65 nafar inson bo‘lgan — ulardan 53 nafari yo‘lovchi va 12 nafari ekipaj a’zolari.
Politsiyaning rasmiy bayonotiga ko‘ra, hozirgacha 23 kishi qutqarilgan, to‘rt kishi esa halok bo‘lgan. Qutqaruv ishlari hozirda ham davom etmoqda.
Bedarak yo‘qolganlarni qidirish uchun mahalliy politsiya, qutqaruvchilar va dengiz himoya xizmati jalb qilingan.
Voqea parom Yava orolidan yo‘lga chiqqanidan taxminan 25 daqiqa o‘tib, ya’ni hali manzilga yetmasdan ro‘y bergan.
Paromda shuningdek, yuk mashinalari va boshqa transport vositalari ham bo‘lgani qayd etilmoqda.
Mahalliy OAVning yozishicha, halokatdan bir necha daqiqa oldin kema ekipaji dvigatelda texnik nosozlik yuzaga kelganini ma’lum qilgan.
Ammo bu aniq halokat sababi sifatida hozircha tasdiqlanmagan.
Ayni paytda rasmiylar halokat sabablarini o‘rganmoqda. Mutaxassislar ehtimoliy texnik muammo, ob-havo sharoiti yoki inson omilini ham istisno qilmayapti.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu yo‘nalish — Yava va Bali orollari orasidagi parom qatnovi — mahalliy aholi va savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar tomonidan keng foydalaniladigan sayohat yo‘li hisoblanadi.