Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev uchrashuvi yakunida ittifoqchilik, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va sanoat kabi sohalarni qamrab olgan qator hujjatlar imzolandi. Tovar ayirboshlash hajmini $1 milliardga yetkazish rejalashtirilmoqda.
2 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan “Zagulba” qarorgohida tor doirada uchrashdi. Davlat rahbarlari Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishini ham o‘tkazdi.
Uchrashuvda strategik sheriklikni mustahkamlash, investitsiyalar hajmini oshirish, transport-logistika loyihalarini kengaytirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. Mart oyidan boshlab yuk tashishlarda elektron ruxsatnoma tizimi joriy qilingani ham qayd etildi.
Muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasida quyidagi hujjatlar imzolandi:
— Ittifoqchilik munosabatlarini 2025–2029 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
— Atrof-muhit, oliy va kasb-hunar ta’limi, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy himoya sohalarida hukumatlararo bitimlar;
— 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi dasturi;
— 2030 yilgacha tovar ayirboshlashni $1 milliardga yetkazish dasturi;
— Navoiy–Gabala, Toshkent viloyati–Sumgait shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar.
Tomonlar qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini kengaytirish, biznes forumlar o‘tkazish va “O‘rta yo‘lak”dagi hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi.