Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutuvchi “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi bilan tanishdi. Qayd etilishicha, mazkur hujjat mamlakatda birinchi bor yoshlar siyosatiga oid yaxlit va uzoq muddatli yondashuvni belgilab beradi.
Strategiyada yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, sifatli ta’lim va xorijiy tillarni ommalashtirish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, salomatlik va ijtimoiy faollikni oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
2030 yilgacha har yili 600 ming yoshni ish bilan ta’minlash, 900 ming nafar yoshni volontyorlikka jalb etish, 450 ming yoshning xorijiy tillar darajasini B2 bosqichiga yetkazish kabi aniq maqsadlar qo‘yilgan. Shuningdek, ipoteka dasturlari orqali yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va chekka hududlarda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish chorasi nazarda tutilmogda.
Shu bilan birga, strategiya doirasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarni tayyorlash va ularning global dasturlarda ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan.






